Deputat Toshkent viloyati hokimini sudga berganini daʻvo qilmoqda. Hokimlik izoh berdi

post

Xalq deputatlari O'rta Chirchiq tumani kengashi deputati, O'zbekiston XDP O'rta Chirchiq tumani Kengashi raisi Feruza Babasheva (ijtimoiy tarmoqlardagi taxallusi Aslzoda Jo'rabekovna) o'zining feysbukdagi sahifasida Toshkent viloyati hokimini sudga berganligi va sud majlisi 5 avgust kuni soat 11:00 da bo'lib o'tishi to'g'risida post qoldirgan. Ushbu xabarga viloyat hokimligi Matbuot xizmati izoh berdi.

«Gap shundaki, partiya Markaziy Kengashi sudga murojaat etib, Nurafshon shahar hokimligi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g'ayriqonuniy deb topish hamda shahar hokimining 2018 yil 5 martdagi 79-sonli qarorining partiyaga tegishli bo'lgan 1184,08 kv. metr maydondan iborat bo'lgan mulkka nisbatan qismini haqiqiy emas deb topishni so'ragan.

Shu taqlid daʻvogar tomon (partiya) Nurafshon shahar hokimligi ustidan sudga daʻvo arizasi kiritgan. Biroq deputat F. Babasheva esa o'z feysbuk sahifasida Toshkent viloyati hokimini sudga berganligini taʻkidlab, bu orqali yolg'on maʻlumot tarqatgan va keng jamoatchilik orasida viloyat hokimining shaʻni, qadr-qimmati, ishchanlik va jamiyatdagi obro'siga putur yetkazuvchi fikrlar bildirilishiga zamin yaratgan.

To'g'ri, O'zbekiston qonunchiligi bo'yicha deputatlarga ko'pgina huquq va vakolatlar berilgan. Biroq bu huquqlarni amalga oshirish boshqalarning huquqlari poymol bo'lishi evaziga bo'lmasligi kerak.

Viloyat hokimi - Prezident vakili.

Shaxs sifatida kimdir kimnidir hurmat qilishi yoki qilmasligi har bir fuqaroning shaxsiy ishi. Biroq, mavjud normalarga ko'ra nafaqat mansabdor shaxsning, balki, har bir fuqaroning obro'si, shaʻniga putur yetkazuvchi material tarqatish uchun javobgarlik borligini eslatib o'tamiz», deyiladi munosabatda.