O'zbekiston va Shveytsariya Gulnora Karimova mablag'larini qaytarish shartlarini kelishib oldi

Siyosat
Havola olish
55 0 0

O'zbekiston va Shveytsariya Gulnora Karimova hisobidan musodara qilingan mablag'larni qaytarish shartlari borasida kelishuvga erishdi. Aktivlar aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, barqaror rivojlanish loyihalariga sarflashi kerak.

TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Shveytsariya O'zbekiston bilan mamlakatga Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishi doirasida musodara qilingan mablag'larni qaytarish shartlari bo'yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Shveytsariya hukumati bayonotida so'z boradi.

Ikki mamlakat imzolagan kelishuvga binoan Gulnora Karimovaga taalluqli bo'lgan hisob-raqamlardan olingan 131 million dollar O'zbekistonga qaytariladi.

Yaqin kunlarda rasmiylashtirilishi kutilayotgan bitimda restitutsiya qilishning asosiy tamoyillari bayon qilingan. Xususan, O'zbekiston qaytarilgan aktivlarni aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, barqaror rivojlanish loyihalariga sarflashi kerak. Bundan tashqari, ushbu mablag'lar xarajati ustidan shaffof monitoring o'rnatilishi lozim.

Gulnora Karimovaga taalluqli yana 650 mln Shveytsariya franki (715 million dollar) muzlatib qo'yilgan. Hozircha bu mablag'lar Karimovaga nisbatan jinoiy ish ketayotganligi uchun ushlab turiladi. Ushbu mablag'lar berilgan taqdirda ham yuqoridagi shartlar asosidagina O'zbekistonga qaytariladi

2012 yil Shveytsariya bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida 800 mln Shveytsariya frankiga teng mablag'li aktivlarni muzlatib qo'ygan edi. Ushbu summaning 131 mln dollari 2019 yilda musodara qilingan.

Gulnora Karimova o'tgan yilning bahoridan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21 raqamli umumiy rejimdagi koloniyada jazoni o'tamoqda. Mart oyida Oliy sud uning 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar bergan edi.

May oyida Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Frantsiyadan qaytarilgan edi. Adliya vazirligi Gulnora Karimovaga tegishli bo'lgan va mamlakatga qaytarilayotgan mablag'larning sarflanishi haqida jamoatchilikni doimiy ravishda xabardor qilishini maʻlum qilgan edi.

Asosiy mavzular