Transport vazirligi tomonidan ochiqlikni taʼminlash borasida qilingan ishlari senatorlar diqqat markazida

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Joriy yilning 26-sentyabr kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda, Qoʻmita aʼzolari, tegishli davlat organlari va tashkilotlar masʼullari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Qoʻmita majlisida Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi doirasida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar, Transport vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlari tomonidan ochiqlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarining ijro holati muhokama qilindi.

Majlisda dastlab senatorlar “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimi shakllantirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur Qonunga asosan respublika ijro hokimiyati tizimi vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarni oʻz ichiga olgan yaxlit tizim sifatida tashkil etilganligi sababli, amaldagi qonun hujjatlaridan “davlat qoʻmitalari” tushunchasi chiqarib tashlanmoqda va islohotlar doirasida tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu Qonun bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot jumlasiga vazirliklar va idoralarning byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi toʻgʻrisidagi, shuningdek xarajatlar iqtisodiy tasnifining moddalari kesimida mablagʻlarning sarflanishi haqidagi maʼlumotlar kiritilib, ularni oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borishi lozimligi belgilab qoʻyilmoqda.

Shundan soʻng Qoʻmita majlisida Transport vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlari tomonidan ochiqlikni taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Muhokama davomida vazirlik tomonidan mazkur yoʻnalishda ijobiy oʻzgarishlar bilan birga, vazirlikning tashkilotlari va hududiy boshqarmalarida hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar talaygina ekanligi aytib oʻtildi.

Jumladan, vazirlikning 14 ta hududiy boshqarmasidan 7 tasining rasmiy veb-saytlari faoliyati bugungi kunda ishga tushirilgan boʻlsa-da, Xorazm, Qashqadaryo, Navoiy, Jizzax, Fargʻona, Namangan va Toshkent viloyatlari hududiy boshqarmalari rasmiy veb-saytlari umuman ishlayotgani yoʻq.

Shuningdek, vazirlikning tashkilotlari tomonidan oʻz rasmiy-veb saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yuritishda maʼlumotlarni muntazam ravishda yangilab borish, ushbu tashkilotlar tomonidan matbuot anjumanlari, press-turlar, sohaga oid muammolarni tezkor yoritish va tanqidiy materiallarga rasmiy munosabat bildirish borasidagi ishlar talab darajasida emas.

Oqibatda hududlarda aholi tomonidan transport sohasidagi maʼlumotlarni olishda muammolar saqlanib qolmoqda va bu holat aholining haqli eʼtirozlarini keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan byudjet mablagʻlarining sarflanishi bilan bogʻliq maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilib borishga yondashuv talab darajasida emas. Xususan, davlat xaridlarini amalga oshirish, davlat byudjeti va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha mavjud debitorlik va kreditorlik qarzdorliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, byudjet tashkilotlarining tarmoq, shtatlar va kontingentlar rejalarining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlar shular jumlasidan. Mazkur holatlar Qoʻmita majlisida atroflicha muhokama qilindi va vazirlikka ushbu kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida tegishli topshiriq va takliflar berildi.

Majlisda har bir masala boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”