Keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan qonunlar Qoʻmita majlisida koʻrib chiqildi

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisda dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda joriy yilda muhim siyosiy tadbir – umumxalq referendumi boʻlib oʻtdi. Unda xalqimiz xohish-irodasi bilan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi.
Yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar, hech shubhasiz, uzoq yillardan beri xalqimizni tashvishga solib kelayotgan koʻplab masalalarga yechim beruvchi qoidalar sifatida tarixga muhrlandi.
Qoʻmita majlisida muhokama qilingan Qonun ham yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan qoidalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan. Qonun bilan, birinchidan, Konstitutsiyaviy sud vakolatlari kengaytirildi, Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berish va bu borada ish yuritish tartibi belgilangan.
Ikkinchidan, Konstitutsiyaviy sud faqatgina oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi nazarda tutilmoqda.
Uchinchidan, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz oʻn yillik muddatga saylanishi mustahkamlanmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida Konstitutsiya oliy yuridik kuchga egaligidan kelib chiqib, Konstitutsiya va qonunlarning soʻzsiz ustuvorligiga hamda ularning bir xilda amalda boʻlishiga erishiladi.
Shuningdek, majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, soʻnggi paytlarda respublikada diniy soha vakillari tomonidan qonuniy nikoh boʻlmasa ham nikoh tuzishga doir diniy marosimlarni amalga oshirib kelayotganligi achinarli holat ekanligi taʼkidlandi. Bu, oʻz-oʻzidan, ijtimoiy muammolar yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik tarixi va madaniy anʼanalarini inobatga olgan holda mutasaddi idoralar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqildi. Qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan maʼmuriy javobgarlik bekor qilinmoqda.
Shuningdek Qonunda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targʻib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik, koʻp xotinli boʻlishni targʻib qilganlik, shaxsga nisbatan uning jinsiy mansubligiga qarab har qanday shakldagi tazyiq va zoʻravonlikni targʻib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini inkor etganlik hamda fuqarolarni milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitganlik hamda diniy tashkilot tomonidan oʻzining ustavida nazarda tutilmagan faoliyat bilan shugʻullanganlik uchun tegishli javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonun qabul qilinishi natijasida jamiyatda millatlararo totuvlikni, diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlashga, dunyoviy qadriyatlarni saqlab qolishga hamda xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga erishilishi senatorlar va yigʻilishi ishtirokchilari tomonidan qayd etildi.
Muhokamalar natijasida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilinib, masʼul tashkilot va idoralarga tegishli vazifa va tavsiyalar berildi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”