Yangi ochilgan Respublika bolalar kutubxonasidan fotoreportaj
2023-yil 31-avgust kuni uzoq kutilgan Respublika bolalar kutubxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Sankt-Peterburgdagi “Ludi Architects” me’morchilik byurosi loyihasi bo‘yicha restavratsiya ishlari 2020-yildan buyon davom etib keldi.Kutubxona binosi boy tarixga ega. U XIX asr oxirlarida qoʻqonlik tadbirkor aka-uka Vadyayevlar tomonidan qurilgan. Qurilganidan ko‘p o‘tmay bu oila binoni sotib yuborib, unga Toshkent shahar dumasi va Jamoat yig‘ini joylashadi, turar joy qismi esa bolalar kutubxonasiga aylantiriladi.
O‘tgan asrning 60-yillarida Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining O‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi Vadyayevlar qarorgohidagi kutubxona binosiga ko‘chiriladi, keyinchalik u to‘liq Respublika bolalar kutubxonasi tasarrufiga berilganini Toshkent aholisi yaxshi eslaydi.
Kutubxonaning kitob fondi 1965-yildan boshlab shakllantirilib, 200 ming jildga yaqin nashrdan iboratdir. Qayta ta’mirlash ishlari mobaynida u kengaytirilib, uning qatoriga yana 21 ming kitob qo‘shildi. Bunda alohida e’tibor islom, Yevropa va zamonaviy sanʼatga oid kitoblar saralamasiga qaratildi.
Doimiy ravishda to‘ldirilib boriladigan kitob fondining sifat darajasini nazorat qilish maqsadida “Irbis” elektron kutubxona boshqaruv tizimi joriy etildi. Unda risoladagidek to‘ldirish, tizimlashtirish, toifalashtirish, o‘quvchilarni izlash, kitoblarni berish va ma’muriy boshqaruvga oid zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan.
“Ta’lim va bilim olish – imkoniyat va kashfiyotlar sari ko‘prik, yosh avlod shaxsiyati va intellektual salohiyatini yuksaltirish kalitidir. Ishonchim komilki, taʼlim olish va boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazishi uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar yetishib kelayotgan avlodning ma’rifatga bo‘lgan tashnaligini qondirishga ko‘maklashib, bu esa istiqbolda jamiyatimizda ijobiy oʻzgarishlarga olib kelishga xizmat qiladi, – Saida Mirziyoyeva.
Bolalar va yoshlarni jalb qilish maqsadida barcha kutubxona maydonlari xalqaro standartlarga javob beruvchi ko‘p funksiyonal ahamiyat kasb etdi: mushtarak ilhom ijodxonalari va raqamli kontent bilan ishlash studiyasi vujudga keldi. Mebel va ish o‘rinlari asl hassos dizayn bo‘yicha ishlab chiqarilgan: turli buyumlarni saqlash tizimlari, qulay partalar, ma’ruzalarni tinglash, o‘qish, dam olish uchun modullar, audio kontent bilan yakka tartibda ishlash xonalari nazarda tutilgan. Mutolaa zallaridan tashqari kutubxonada kompyuter sinflari, kichik bosmaxona, ovoz yozish studiyasi mavjud.