Bojdan kreditlarni to'lashgacha... Elektromobillar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun imtiyozlar beriladi

image

Joriy yilning 10 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev elektromobil tarmog'ini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishgan edi. Unda berilgan topshiriqlar asosida, mamlakatda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, quvvatlash stantsiyalarini ko'paytirish bo'yicha takliflar tayyorlandi.

Bugun, 24 noyabr kuni Prezident huzurida o'tkazilgan navbatdagi yig'ilishda ushbu takliflar muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mutasaddilar tarmoqda ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash zarurligi haqida fikr bildirdi. Jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yig'imidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish mo'ljallanmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayoni to'liq yo'lga qo'yilguncha investorlarga muayyan miqdordagi elektromobillarni imtiyozli shartlar asosida olib kirishga ruxsat berish taklif etilmoqda.

Davlat rahbari avvalgi taqdimotda aholi o'rtasida elektromobillar ommalashishi uchun uning xaridini rag'batlantirish zarurligini aytgan edi. Shundan kelib chiqib, O'zbekiston elektromobillarini sotib olish uchun olinadigan kredit foizlarining maʻlum bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi ko'zda tutilmoqda.  2023-2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50 foizdan ko'p bo'lgan korxonalarning elektromobillar xarid qilishi ham qo'llab-quvvatlanadi. Elektromobillarda yo'lovchi tashish xizmati ko'rsatuvchi shaxslarga litsenziya uchun davlat boji to'lashda yengillik beriladi. 

Maʻlumki, elektromobil ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyolardan biri mis. Mamlakatda mis klasterlari tashkil etilmoqda. Bundan foydalanib, ushbu klasterlarda elektromobillar va quvvatlash stantsiyalari uchun butlovchi qismlar tayyorlanadi.

Kadrlar masalasini hal qilish uchun Turin politexnika universiteti huzurida Elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo'yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish, professor-o'qituvchilar va mutaxassislarni rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan.

Yig'ilishda mutasaddilar ushbu chora-tadbirlar natijasida respublikada yiliga 15-25 mingta elektromobil ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish mumkinligini qayd etdi.

Davlat rahbari bu yo'nalish avtomobilsozlikda raqobat yaratishi kerakligini taʻkidladi. Berilayotgan imkoniyatlarni sohaga qiziqish bildirgan ishbilarmonlar bilan muhokama qilib, ularning fikr va takliflari asosida imtiyozlarni yanada kengaytirish, tarmoqqa tadbirkorlarni jalb etish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo'yicha xalqaro standartlarni joriy etish vazifasi qo'yildi.