Koʻp qavatli uylarni boshqarish sohasidagi islohotlar samarasi qanday?

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan koʻp qavatli uylarni boshqarish sohasidagi islohotlarga bagʻishlangan press-tur tashkil etildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi aholi farovonligi, turmush darajasi va sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan. Islohotlarning asosiy maqsadi aholi uchun munosib hayot darajasi hamda sifatini taʼminlashdan iboratdir.

Maʼlumki, aholi turmush darajasi va sifatini yaxshilashda kommunal xizmatlar sohasining oʻrni juda katta. Bu soha faoliyatini toʻgʻri tashkil etish va samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor berishni talab etadi.

Prezidentimizning 2022-yil 4-avgustdagi “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sogʻlomlashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori koʻp qavatli uylarni boshqarish sohasini takomillashtirish, xususan koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Bugungi kunda respublika boʻyicha jami 39 691 ta koʻp kvartirali uy mavjud boʻlib, shundan 35 773 ta koʻp kvartirali uy 708 ta boshqaruv kompaniyasi, 1 579 ta koʻp kvartirali uy 329 ta uy-joy mulkdorlari shirkati, 809 ta koʻp kvartirali uy boshqa tashkilotlar, 765 ta koʻp kvartirali uy oʻz-oʻzini boshqarish yoʻli bilan boshqarib kelinmoqda.

Birgina Toshkent shahrida 509 mingdan ziyod xonadondan iborat 10 813 ta koʻp kvartirali uy mavjud boʻlib, ularga 267 ta boshqaruvchi kompaniya hamda 102 ta moliyaviy holati yaxshi uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat koʻrsatadi. 10 078 ta koʻp kvartirali uy boshqaruv kompaniyalari tomonidan, 310 tasi shirkatlar tomonidan, 392 tasi esa bevosita mulkdorlar tomonidan boshqariladi. Koʻp kvartirali uylarning 33 tasi boshqa tashkilotlar balansidagi uylar hisoblanadi.

Shuningdek, muammoli kreditlari mavjud boʻlmagan va barqaror ishlayotgan shirkatlar faoliyatiga hech kim aralasha olmaydi. Zero, bugungi kunda kredit olmasdan faoliyat yuritayotgan 167 ta shirkat mavjud va ularning faoliyati aholini qoniqtirib kelmoqda.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, boshqarish organlarini qoʻllab-quvvatlash hamda koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash, ularga tutash yer uchastkalarini aniq belgilash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Birgina 2021-2022-yillarda respublikada 700 dan ortiq boshqaruvchi tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular tomonidan uylarni taʼmirlash, hududning infratuzilmasini yaxshilashga joriy yilda 150 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlar sarflandi.

Maʼlumot uchun: 2020-yilga qadar koʻp kvaritrali uylarni boshqarish sohasida bozor munosabatlari mavjud boʻlmagan. Uylar asosan, shirkatlar – notijorat tashkilotlar tomonidan boshqarilgan.

Shuningdek, boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan jami 35 mlrd soʻmlik zarur moddik-texnika va uskunalar xarid qilingan. Bunda, 115 ta Damas (labo), 23 ta samosval, 2 ta avtokran, 16 ta traktor (pogruzchik), 250 ta motoroller, 6 000 ta turli xil asbob-uskunalar toʻplami mavjud.

Sohadagi tashkilotlarning moddiy - texnika bazasini takomillashtirish, xodimlarning oylik ish haqi va malakasini bosqichma – bosqich oshirish borasida yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga qaramasdan tizimdagi xodimlar tomonidan korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etish holatlari kuzatilmokda.

Tizimda faoliyat yurituvchi 19 nafar xodimga nisbatan korrupsiyaviy jinoyat sodir qilganliklari uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Shundan 9 tasi uy-joy mulkdorlari shirkati tizimida faoliyat olib borgan.

Hududlar kesimida koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari vakillariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlarining asosiy koʻrsatkichi Toshkent shahriga toʻgʻri kelmoqda

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan ishga tushirilgan “Mening uyim” billing tizimi boshqaruv organlarining yagona, ochiq elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish, mulkdolar mablagʻidan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash, koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, ularning talab va meʼyorlarga amal qilinishini nazorat qiladi.

“Mening uyim” billing tizimida bugungi kunga qadar tizimda jami 1,2 mln.dan ziyod abonent maʼlumotlari shakllantirildi. Shundan 486 mingtasi Toshkent shahri, qolgan 731 mingtasi esa boshqa hududlar abonentlarini tashkil etadi. Bunda xonadonlar mulkdorlarga boshqarish organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotlar elektron shaklda va onlayn rejimida taqdim etilmoqda.

Shuningdek, billing tizimi “Elektron hukumat” idoralararo integratsiyalashgan platformasi, koʻp kvartirali uy-joylarning xonadonlari haqida maʼlumotlar bazasini avtomatik shakllantirish boʻyicha koʻchmas mulk obyektlarining kadastr raqamlari, yagona manzillar reyestri, mulkdorlarning qarzdorligini notarial idoralari tomonidan tekshirish uchun Adliya vazirligining maʼlumotlar bazalari hamda Markaziy bankning kliring “MUNIS” tizimiga integratsiya qilingan.

“Mening uyim” billing tizimi orqali joriy yil boshidan bugungi kunga qadar jami 194 mlrd. soʻm pul mablagʻi kelib tushgan.

Press-tur doirasida ikkita boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Jumladan, “Universal new forever” boshqaruv kompaniyasi joriy yil tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda Sergeli tumani “Ezgulik”, “Ziynat” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 34 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatib keladi.

Mazkur boshqaruv kompaniyasi 4 ta oʻzini oqlamagan shirkat oʻrnida tashkil etilgan boʻlib, oʻz hisobidan sohaga 2,5 mlrd soʻm miqdorida investitsiya mablagʻi kiritgan. 32 ta ish oʻrniga ega kompaniya 16 turdagi moddiy texnikasiga ega. Shuningdek, aholiga 25 dan ortiq qoʻshimcha servis xizmat turlarini koʻrsatib keladi. 24/7 ish rejimidagi avariya-dispetcherlik xizmati mavjud.

Bundan tashqari, press-tur ishtirokchilari “Yuksalish” boshqaruv kompaniyasi ishi bilan tanishdi. Mazkur kompaniya ham joriy yil tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda Yashnobod tumani 2-3 sektor hududida joylashgan 180 dan ortiq koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatib keladi. Mazkur boshqaruv kompaniyasi 12 ta shirkat oʻrnida tashkil etilgan boʻlib, oʻz hisobidan sohaga 2,3 mlrd. soʻm miqdorida investitsiya mablagʻi kiritgan. 94 ta ish oʻrniga ega kompaniya aholiga 28 ta qoʻshimcha servis xizmat turlarini koʻrsatib keladi. 24/7 ish rejimidagi avariya-dispetcherlik xizmati mavjud.

Press-tur davomida jurnalistlar sohada olib borilayotgan ishlar xususida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi.