Markaziy Osiyoning rivojlanishi Afg'onistondagi tinchlikka bog'liq – Norov

image

Markaziy Osiyoning rivojlanish istiqbollari Afg'onistonda tinchlikni taʻminlash bilan uzviy bog'liq. Bu haqda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi umumiy muhokamalaridagi nutqida  aytib o'tgan.

"Biz chuqur gumanitar inqirozni boshdan kechirayotgan ushbu mamlakatga xalqaro eʻtiborning pasayishidan xavotirdamiz. Afg'onistonning mavjud muammolar qurshovida yakkalanib qolishiga yo'l qo'ymaslik nihoyatda muhimdir. Bu, shubhasiz, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka salbiy taʻsir ko'rsatishi mumkin", deydi Norov.

Vazirning so'zlariga ko'ra, Afg'oniston iqtisodiyotini tiklash, uning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga qo'shilishi, infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo'nalishi bo'lishi kerak. Ushbu muammolarni hal qilish uchun BMT, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning ko'magi zarur.

Shuningdek, Norov sessiyadada Termiz shahrida Afg'onistonni gumanitar qo'llab-quvvatlash bo'yicha maxsus jamg'armani tashkil etish bo'yicha taklif bildirgan. 

Ushbu jamg'arma mablag'lari ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun taʻlim dasturlari va sog'liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo'naltirilishi ko'zda tutilmoqda.

"O'zbekiston Afg'onistonga ko'maklashish bo'yicha xalqaro saʻy-harakatlarga o'z hissasini qo'shmoqda. Chegaradosh Termiz shahrida Xalqaro transport-logistika xabi tashkil etilib, BMT tuzilmalari tomonidan Afg'onistonga gumanitar yordam ko'rsatishda uning imkoniyatlaridan keng foydalanmoqda", deydi TIV rahbari.

Xususan, vazir nutqida O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan joriy yil iyul oyida qabul qilingan "Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash to'g'risida"gi rezolyutsiya haqida gapirib o'tgan. Ushbu hujjatda Afg'onistonni iqtisodiy hamkorlikka jalb qilish, uni ikki mintaqani bog'laydigan ko'prikka aylantirish ustuvor o'rin tutadi.

"Mazkur g'oyalarning hayotga tadbiq etilishi uchun "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar" temir yo'lini qurish kabi transmintaqaviy infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi lozimdir", deydi u.

Farangiz Salimova