Britaniya mudofaa xarajatlarini 100 milliard dollargacha oshirmoqchi

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Liz Trass hukumati 2030 yilgacha mudofaa byudjyetini ikki baravar oshirib, 100 milliard funt sterlingga (108,45 milliard dollar) yetkazmoqchi. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles "The Sunday Telegraph" nashriga bergan intervyusida maʻlum qildi.

"Hyech narsa o'zgarmasa, biz 2 foizga qarab harakat qilamiz. Biroq, hozirgi prognozlarga ko'ra, gap 2029-2030 yillarga qadar 100 milliard funt sterlinglik mudofaa byudjyeti haqida bormoqda. Endi u 48 milliard funtni tashkil etadi. Bu sakkiz yil ichida juda katta pul", deydi Uolles.

Uning aytishicha, Bosh vazir Trass saylovoldi vaʻdalarini bajarish va mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 3 foizigacha oshirish niyatida.

"Uning Bosh vazir sifatidagi aniq ustuvor vazifalaridan biri shundaki, biz mudofaa uchun sarmoya kiritamiz va ko'proq pul sarflaymiz", deya qo'shimcha qilgan u.

Shuningdek, u departament axborot to'plash, kuzatuv va razvedka, shuningdek, uchuvchisiz qurollarga qarshi kurashni kuchaytirishni rejalashtirayotganini aytib o'tgan.

Eslatib o'tamiz, Buyuk Britaniya 2023 yilda Ukrainaga harbiy yordam uchun kamida 2,63 milliard dollar sarflamoqchi.

Farangiz Salimova