Yurtimizdagi qoʻshma tibbiyot fakultetlarida qancha talaba tahsil olmoqda?

Foto: SSV matbuot xizmati

SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga vazirlikning Fan va taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Ismailov javob berdi:

— Oliy taʼlim yetuk mutaxassislar tayyorlashning eng muhim boʻgʻini hisoblanadi, — deydi Oʻ.Ismailov. — Sababi ushbu bosqichda talaba nafaqat bilim oladi, balki bevosita amaliyotga kirishadi.

Albatta, bu jarayonda xalqaro hamkorlik va chet el tajribasi juda muhim. Shu bois, bugun yurtimizda xorijning yetakchi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bilan yaqin hamkorlik qilish, oʻquv jarayoniga ilgʻor tajribalarni joriy etish, xususan, qoʻshma taʼlim dasturlari orqali malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Jumladan, ayni paytda mamlakatimizdagi mavjud tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichida Rossiyaning 15 ta, Polsha, Qozogʻiston va Ukraina oliy taʼlim muassasalari bilan 46 ta qoʻshma taʼlim dasturi asosida tibbiyot fakultetlari tashkil etilib, ularda jami 2 ming 266 nafar talaba tahsil olmoqda.

Qolaversa, magistratura bosqichida Rossiya, Polsha va Belarus oliy taʼlim muassasalari bilan 11 ta qoʻshma taʼlim dasturi asosida tibbiyot fakultetlari ochilib, ularda bugungi kunda 65 nafar talaba soha sir-asrorlarini oʻzlashtiryapti.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining klinik ordinatura bosqichida Rossiya va Belarus institut va universitetlari bilan 28 ta qoʻshma taʼlim dasturi asosida tashkil etilgan tibbiyot fakultetlarida jami 84 nafar talaba bilim olmoqda.

Yana bir muhim yangilik. Joriy oʻquv yilidan boshlab yurtimizdagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida “Transplantologiya” va “Kardioxirurgiya” mutaxassisliklari boʻyicha klinik ordinatura (rezidentura)da kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Eʼtiborlisi, mazkur yoʻnalishlar boʻyicha yiliga 20 nafar tranplantolog va 24 nafar kardioxirurg yetishib chiqadi.