Jurnalist ro'mol o'rash talabini bajarmadi, Eron Prezidenti intervyuni tark etdi

image

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy joriy yilning 21 sentyabr kuni Nyu-Yorkda CNN telekanalining xalqaro boshlovchisi Kristian Amanpur bilan so'nggi daqiqada ro'mol o'rash talabini rad etganidan so'ng, uzoq vaqtdan beri rejalashtirilib kelinayotgan intervyuni tark etdi.

Suhbat boshlanishidan taxminan 40 daqiqa o'tib, Raisiy kechikayotgan bir paytda, yordamchisi Amanpurga Prezident unga ro'mol o'rashni taklif qilganini aytdi. Amanpurning aytishicha, u odob bilan taklifni rad etgan.

Eron poytaxti Tehronda ulg'aygan va fors tilini ravon gapiruvchi Amanpur mahalliy qonunlar va urf-odatlarga rioya qilish uchun Eronda reportajlar paytida ro'mol o'ragan, aks holda u jurnalist sifatidagi vazifasini bajara olmasdi. Biroq, u mamlakatdan tashqarida Eron rasmiysi bilan suhbat o'tkazish uchun ro'mol o'ramasligini maʻlum qilgan.

"Bu yerda, Nyu-Yorkda, yoki Erondan tashqarida mendan hyech bir Eron Prezidenti ro'mol o'rashni so'ramagan – 1995 yildan beri men ularning har biri bilan suhbatlashganman – na Eronda, na undan tashqarida ro'mol o'rash so'ralgan", deydi u. 

Bu haqda muxbir CNN telekanalining 22 sentyabr kuni bo'lib o'tgan dasturiga maʻlum qildi.

"Men o'zim, CNN va ayol jurnalistlar nomidan hamma joyda juda xushmuomalalik bilan buni rad etganman, chunki bu shart narsa emas", deydi jurnalist.

Eron qonunlariga ko'ra, barcha ayollar jamoat joylarida boshini o'rab, keng kiyim kiyishlari shart. Bu qoida Eronda 1979 yilgi islom inqilobidan beri amal qiladi va mamlakatdagi har bir ayol, jumladan, sayyohlar, siyosatchilar va jurnalistlar uchun majburiydir.

Amanpurning aytishicha, Raisiyning yordamchisi Eron Prezidentining Amerika hududidagi birinchi intervyusi bo'lgan mazkur tadbir, agar muxbir ro'mol o'ramasa, o'tkazilmasligini aniq aytgan. U buni "hurmat masalasi" deb atagan, chunki ayni paytda muqaddas Muharram va Safar oylaridir va mamalakat ichida ham bu bilan bog'liq "muammolar" talaygina.

O'tgan hafta Eronda hijob qonunini buzganlikda ayblanib, Eron axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Amini hibsda vafot etgani munosabati bilan hukumatga qarshi namoyishlar bo'lib o'tdi.

Minglab odamlar ko'chalarga chiqdi, baʻzi ayollar qonunga qarshi norozilik bildirish uchun sochlarini qirqib, hijoblarini yoqib yuborishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda eʻlon qilingan videolar va guvohlarning so'zlariga ko'ra, namoyishlar chog'ida kamida 35 kishi halok bo'lgan, inson huquqlari guruhlari hukumat tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan.

Bu namoyishlar o'tgan yili qattiqqo'l Raisiy hukumati saylanganidan beri keskinlashgan Islom Respublikasi boshqaruviga qarshi eng katta norozilik namoyishi bo'lib chiqdi. Sakkiz yillik mo'ʻtadil Hasan Ruhoniy maʻmuriyatidan so'ng, Eron o'ta konservativ Raisiyni sud boshlig'i etib sayladi, uning qarashlari mamlakatning qudratli ruhoniylari va oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Humayniy qarashlari bilan mos keladi.

Eronda ro'mol odamlar nima kiyishi va nima qilishi mumkinligini boshqaradigan mamlakatning maʻnaviy rahbarlari tomonidan o'rnatilgan shaxsiy qoidalar to'plamining kuchli ramzidir. So'nggi o'n yil ichida norozilik namoyishlari avj oldi, chunki ko'plab eronliklar bu cheklovlardan norozi bo'la boshladi.

Aminining o'limi shaxsiy erkinliklarni cheklashdan ortidan uzoq vaqt davomida yig'ilib kelgan nafratni oshkor qildi. So'nggi yillardagi so'rovlar va hisobotlar shuni ko'rsatadiki, eronliklar hijob yoki ro'mol majburiy bo'lishi kerakligiga ishonmaydilar.

Eron rasmiylari Amini "yurak xuruji" dan so'ng vafot etganini va komaga tushib qolganini daʻvo qildi, ammo uning oilasi Aminida yurak xastaligi bo'lganini rad etdi. Uning o'limi haqidagi rasmiylarning maʻlumotlariga shubha bilan qarash ham jamoatchilikning noroziligiga sabab bo'ldi.

Eron davlat matbuoti tomonidan eʻlon qilingan videokuzatuv kameralarida Mahsa Aminining "qayta tarbiyalash" markazida yiqilib tushgani aks etgan, u yerga u kiyim borasida "namuna" olish uchun olib kelingan edi.

CNN jurnalisti Amanpur Aminining o'limi va namoyishlar, shuningdek, yadroviy kelishuv va Eronning Ukrainadagi Rossiyani qo'llab-quvvatlashi borasida Raisiy bilan savol-javob quro'tkazishni rejalashtirgan, biroq u amalga oshmadi.

"Eronda norozilik namoyishlari davom etayotgan va odamlar o'ldirilayotgan bir paytda, Prezident Raisiy bilan suhbat tashkil etish muhim jarayon bo'lgan bo'lardi", deb yozadi u Twitter’da.