Mebelsozlik – mahalla “drayveri”

Foto: Xalq so‘zi

Ayni paytda Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumani markazi – Yaypan shahri va uning atrofidagi oʻnlab mahallalarda mebelsozlik aholining doimiy daromad manbai sirasiga kiradi. Mahallalarda tayyorlanayotgan keng assortimentdagi, zamonaviy dizaynga ega mebel jihozlari qoʻshni tumanlar, viloyat boʻylab savdo majmualari, yakka tartibdagi xaridorlarga yetkazib berilmoqda.

Tumanning Dehqonobod mahallasida ham mebelsozlik avloddan avlodga oʻtib kelayotgan hunar. Shu bois oʻrganishlar jarayonida hunarmandchilik, yogʻochni qayta ishlash, mebelsozlik mahallaning “drayveri”sifatida belgilandi.

— Aksariyat xonadonlarda “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida shogirdlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan, — deydi “Dehqonobod” MFY raisi Maʼmura Mirzayeva. — Shuning uchun mahallamiz yoshlari oʻzimizdan ortib poytaxt Toshkent, Qozogʻiston, Tojikistonda ham mebelsozlik bilan shugʻullanishadi. Mahallamizda tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki bozordan tashqari, qoʻshni respublikalarga ham eksport qilinadi.

Mahallaning mohir ustalaridan biri Anvarjon Oʻrinovlar xonadonida 3 ta aka-uka koʻp yillardan buyon ushbu faoliyat bilan shugʻullanadi. Ularning har biri 5-10 nafardan yoshlarga shu kasbni oʻrgatdi. Xonadonda tayyorlanayotgan zamonaviy «xaytex» (Hi-Tech) uslubidagi eshik-romlar, mebel jihozlari nafaqat tumanda qurilayotgan koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari, shu bilan birga aholi xonadonlari koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda. Buyurtma asosida qoʻshni Tojikiston va Qirgʻiziston bozorlariga ham yetkazib berilmoqda.

Botir Madiyorov,“Xalq soʻzi”.