Kichik GESlar qurishdagi zaruriy gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida ishlab chiqariladi

“Oʻzbekgidroenergo” AJ rahbariyati, Hindistonning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi hamda “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi (Hindiston) rahbarlari bilan gidroenergetika sohasida yangi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Dastavval, Jamiyat Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov Hindiston Respublikasi mamlakat mustaqilligining 75 yilligi bayram tantanasi bilan uchrashuv aʼzolarini samimiy muborakbod etdi. Soʻngra, mamlakatimizda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Hindistonning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalariga yuqori baho berdi. Shu bilan birga, ikki mamlakat kompaniyalari oʻrtasida gidroenergetika sohasidagi hamkorlikning davomli boʻlishiga ishonch bildirdi.

Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-44-son Qaroriga muvofiq, xususiy sektor vakillariga yaʼni tadbirkorlar tomonidan joylarda mikro va kichik GESlarni qurish, ekologik jihatdan toza elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun keng imkoniyatlar hamda zaruriy sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, Jamiyat mutaxassislari tomonidan yangi loyiha maydonlari aniqlanmoqda, tadbirkorlarga loyihaning biznes-rejasini ishlab chiqishda, optimal texnik yechimlarni tanlashda, loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda va tavsiyalar berilmoqda.

Mazkur import hajmlarini qisqartirish, tadbirkorlarga qulayliklar yaratish va kelajakda oʻzbek brendi ostida gidroagregatlar ishlab chiqarib eksportni yoʻlga qoʻyish maqsadida Yevropa, Xitoy va boshqa chet el mamlakatlari kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Bugungi kungacha mikro va kichik GES loyihalari uchun gidroagregatlar chet el mamlakatlaridan import qilinib olib kelinardi. Endilikda kichik va mikro GESlar uchun gidroagregatlar “Made in Oʻzbekistan” milliy brendi asosida mamlakatimizda ishlab chiqariladi.

Xususiy sektor vakillari ishtirokini kengaytirish, innovatsion loyihalar asosida lokalizatsiya va mahalliylashtirish dasturi doirasida import oʻrnini bosuvchi kichik GESlar uchun sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha “Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi bilan oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Mazkur Memorandum Hindiston Respublikasi mamlakat mustaqilligining 75 yilligi bayram tantanasida ikki yirik kompaniyalar oʻrtasida gidroenergetika sohasida amalga oshirilgan yirik loyiha boʻldi.

Mazkur gidroagregatlar “Oʻzbekgidroenergo” AJning tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” zavodi hamda Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyalari hamkorligida ishlab chiqariladi.

Aytish lozimki, gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisi turmush farovonligining oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tom maʼnoda, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim zamin yaratadi.