Quvasoyda “Mahalla” xayriya fondi 11 nafar bolaning sunnat toʻyini oʻtkazib berdi

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻonada “Mahalla” xayriya fondi tomonidan Mustaqillik bayramining 31 yilligi oldidan 11 bolaning sunnat toʻyi oʻtkazildi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahallabay ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani har bir mahalla kesimida muammolarni aniqlab,oʻz oʻrnida ijobiy hal etishda sezilarli natijalarni bermoqda.

Mahallabay oʻrganishlar asnosida Fargʻona viloyati “Mahalla” xayriya fondi viloyat boshqaruvi tomonidan Quvasoy shahrida 11 nafar ijtimoiy koʻmakka muhtoj, nogironligi bor oilalar farzandlariga sunnat toʻylari oʻtkazib berildi.

— Davlatimiz rahbari “Xalq bilan boʻl, xonangdan chiqib, mahallada faoliyat olib bor”, deya bejizga aytmaydilar. Sababi, mahallada odamlarni eshitamiz, dardu muammolarini his etamiz. Bugun hududlar kesimida olib borilgan xatlovlar samarasi sifatida ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam koʻrsatilmoqda, — deydi, Fargʻona viloyati “Mahalla” xayriya fondi boshqaruvi raisi Bahodirjon Yulbarsov.

Tantanali tadbirda toʻy bolalarga bayram sovgʻasi sifatida velosiped va oʻyinchoqlar taqdim etildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.