calendar 23 May 15:21
eye 26
comments 0
comments Manba: xs

Qalb qoʻri, koʻz nuri, qoʻl sehri

image

Foto: Халқ сўзи

Buxoroda xalqaro zardoʻzlik, zargarlik

va kashtachilik festivali davom etmoqda.

Xalq amaliy sanʼati milliy qadriyatlarimizning ajralmas bir qismi sanaladi. Keyingi yillarda uni asrab-avaylash, hunarmandchilikning unutilgan turlarini qayta tiklash, “Ustoz — shogird” anʼanalarini davom ettirish yoʻlida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan hunarmandchilikka qaratilgan eʼtibor, berilgan imtiyozlar, ajratilayotgan kreditlar va begʻaraz subsidiyalar tufayli soha ravnaq topmoqda. Buxoro shahrida oʻtayotgan zardoʻzlik, zargarlik va kashtachilik festivali qatnashchilari bunga yana bir karra ishonch hosil qilyapti. Eʼtiborlisi, hunarmandchilik rivoji yoʻlida bajarilgan keng qamrovli ishlar dunyo eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Tadbirga dunyoning 58 davlatidan vakillar tashrif buyurgani ham bejiz emas.

“Har lahza esda qolarli kechmoqda”

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-apreldagi qaroriga muvofiq oʻtkazilayotgan nufuzli festival qatnashchilarning Ark qoʻrgʻonidan Nodir Devonbegi madrasasigacha boʻlgan 1,2 kilometr masofada tantanali yurishlari bilan boshlandi.

Xalq amaliy sanʼatining eng yaxshi anʼanalarini rivojlantirish, zardoʻzlik va zargarlikning noyob namunalarini keng targʻib qilish, oʻzaro tajriba almashish, hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash, hududning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish kabi olijanob maqsadlar koʻzda tutilgan mazkur tadbirda xorijdan 112 nafar, respublikamiz barcha hududidan 288 usta, shuningdek, koʻplab sanʼatshunoslar, tarixchi, dizayner va ekspertlar ishtirok etmoqda.

Shunday mutaxassislardan biri, Rossiyadagi Sharq davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Yekaterina Yermakovaning fikricha, XVI asrning ikkinchi yarmida Buxoroda iqtisodiy-ijtimoiy jabhada roʻy bergan oʻzgarishlar mintaqada zargarlik sanʼatining shakllanish jarayonida muhim rol oʻynadi. Buni birgina Toqi Zargaron inshooti misolida ham bilsa boʻladi. Mazkur tarixiy binoda koʻplab zargarlar faoliyat koʻrsatgan, oʻzlari tayyorlagan mahsulotlar savdosi bilan shugʻullangan. Sharq davlat muzeyida hozir Oʻrta Osiyo xalq amaliy sanʼatiga oid boy kolleksiya mavjud.

Eʼtiborlisi, festival xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotdi.

— Indoneziyadan keldim, — deydi oʻzini Vebi Jurmavati deb tanishtirgan mehmon. — Yurtingizda ilk bor boʻlishim. Islom olamida benazir zot sanalgan Imom Al-Buxoriy tavallud topgan Buxoroni ziyorat etish koʻp yillik orzum edi. Niyatimga yetganimdan xursandman. Ushbu bayramona festival, koʻtarinki ruh, odamlar chehrasidagi tabassum, xalqingizning mehmondoʻstligi meni Buxoroga ipsiz bogʻlab qoʻydi. Xalq amaliy sanʼati ustalariga tasanno aytaman. Bu yerda oʻtkazayotgan kunlarimning har bir lahzasi men uchun esda qolarli kechmoqda.

Anʼananing munosib vorislari bor

Maʼlumotlarga qaraganda, hozir respublikamizda milliy hunarmandchilikning 34 yoʻnalishida 22 515 nafar usta faoliyat koʻrsatmoqda. Ular shogirdlari soni 116 ming nafardan oshadi.

— Hunarlar orasida zardoʻzlik alohida ajralib turadi, — deydi respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev. — Oʻziga xos noyob tikilish texnologiyasi, naqsh elementlari va murakkab kompozitsiyalari, yaratilish jarayonlari ushbu yoʻnalishda ishlab chiqarilgan ijodiy asarlar originalligini taʼminlaydi. Bugungi kunda 151 nafar zardoʻz uyushmamizga aʼzo. Shularning 73 nafari Buxoro, 26 nafari Samarqand va 52 nafari boshqa viloyatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Buxoro va Samarqand azaldan zardoʻzlik hunarining markazi sanaladi.

— Davlatimiz bizga shunday qulayliklar yaratib, imtiyozlar berib turgan ekan, hunarmandchilikni yanada rivojlantirishni oʻz burchimiz deb bilamiz, — deydi mohir zardoʻz Muqaddas Jumayeva. — Zardoʻzlikning oʻttizdan ziyod uslubini oʻzlashtirganmiz. Mavzu izlab ovora boʻlmaymiz. Qadimiy Buxoroning har bir osori atiqasi biz uchun tayyor mavzu. Shogirdlaringiz, deysizmi? Hozirga qadar qoʻlimizda 600 nafardan ziyod qiz zardoʻzlik va patdoʻzlikni oʻrgandi. Demak, anʼanalarimizning munosib izdoshlari bor. Bilsangiz, hunar mashaqqat chektiradi, ammo uning ortidan topilgan non lazzatli.

Darhaqiqat, inson qalb qoʻri, koʻz nuri bilan yaratilgan xalq amaliy sanʼati asarlarining qadru qimmati oʻzgacha boʻladi. Buni Anqara (Turkiya) yetuklik instituti direktori Ilknur Koshbiyikning soʻzlaridan ham bilish mumkin.

— Xuddi Buxoroda boʻlgani kabi bizda ham qadimdan zardoʻzlik alohida qadrlanadi, — deydi u. — Yurtingizda shunday anjumanning oʻtkazilishini eshitib, bajonidil tashrif buyurdik. Tadbirda besh nafar turk hunarmandi oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etayotir. Festival biz uchun oʻzaro tajriba almashish nuqtayi nazaridan ham foydalidir.

Zargarona mehnat mahsuli

Zargarlik sanʼati ham muhim tarmoq hisoblanadi. Zargarlarni “Hunarmand” va «Oʻzbekzargarsanoati» uyushmalari oʻz atrofida birlashtirgan. 707 nafar zargar uyushma aʼzosi sanaladi. Alisher Haydarov ana shularning biri. U “Tashabbus – 2009” koʻrik-tanlovi gʻolibidir. Odatda, u koʻp vaqtini ijodiy safarlarda, xorijiy koʻrgazmalarda oʻtkazadi. Bu gal ish rejasini oʻzgartirdi. Qadrdon ustaxonasida qoldi.

— Shahrimizda shunday nufuzli tadbir oʻtkazilayotgani biz, zargarlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor namunasi, albatta, — deydi usta. — Koʻplab xorijiy davlatlarda boʻlgan hunarmand sifatida yaxshi bilaman: yurtimiz zargarlik sanʼatiga qiziqish benihoya katta. Men shundan kelib chiqib, Surxondaryo, Xorazm, Qashqadaryo zargarlik sanʼatining unutilayozgan usullarini ham qayta tiklash saʼy-harakatidaman. Festivalda bir turkum mahsulotlarim bilan qatnashyapman. Xaridorlar bajonidil xarid qilishmoqda.

Zardoʻzligu zargarlik, kashtadoʻzlikning oʻzaro tutash nuqtalari koʻp. Barchasi kishidan sabru toqat, qunt, ishtiyoq, nozik did, ijodiy yondashuv, chuqur bilimni talab qiladi. Matoga tushgan zar ipli naqshlar yoki tilla suvi yugurtirilgan taqinchoqlar goʻzallik timsoliga aylanib, hayotga boʻlgan mehru muhabbatni oshiradi. Xalqimiz oltinda quyoshning bitmas-tuganmas qudratini, kumushda oyning goʻzalligini, marvarid, yoqut, zumrad kabi toshlarda sehr kuchini his etgan. Tabiat yurtimizdan bu maʼdanlarni darigʻ tutmagan.

— Ana shunga ming karra shukr aytasan kishi, — deydi shahrisabzlik usta Nodir Mannonov. — Biz ana shunday qimmatbaho tosh va metallarni qayta ishlab, ularga sayqal berib bejirim taqinchoqlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyganmiz. Ishni klaster usulida tashkil etganmiz. Nafaqat zargarlik, balki hunarmandchilikning oʻndan ziyod turi bilan shugʻullanib, hozirga qadar 45 kishini ish bilan band qilishga erishdik. Ushbu xalqaro festivalga chet ellik hunarmandlarning ham kelishgani men uchun ayni muddao. Ular bilan oʻzaro tajriba almashish niyatidaman. Bu yangi gʻoyalar, yoʻnalishlar uchun turtki vazifasini oʻtaydi, albatta.

Rivojlantirish istiqbollari belgilandi

Festival dasturi doirasida “Anʼanaviy zardoʻzlik va zargarlik, kashtadoʻzlik sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev, Butunjahon hunarmandlar Kengashi prezidenti Saad-al Kaddumi va boshqalar yurtimiz xalq amaliy sanʼatining tarixi, bugungi kundagi ravnaqi, xalqaro hamkorlik aloqalari xususida atroflicha soʻz yuritdi.

— “Markaziy Osiyo mamlakatlari lider ayollari muloqoti” platformasi doirasidagi muloqotlar jarayonida Oʻzbekistonning Kashtadoʻzlik sanʼati xalqaro festivalini tashkil qilish tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan edi, — dedi B.Sayfullayev. — Bu anjuman zardoʻzlik va zargarlik festivali bilan uygʻun tarzda oʻtyapti. Unda 30 nafar xorijiy, 60 nafar mahalliy kashtadoʻz ishtirok etmoqda.

Taʼkidlanganidek, zardoʻzlik va zargarlik qatorida kashtadoʻzlik bilan band aholi ham koʻpchilikni tashkil etadi. Hozir 423 nafar kashtadoʻz “Hunarmand” uyushmasi aʼzosi sanaladi. Bu hunar ayollarga koʻplab qulayliklar yaratadi. Biz uy sharoitida ishlash imkonini ham nazarda tutyapmiz. Konferensiyada soʻz olgan Oliy Majlis Senati boʻlim mudiri, Oʻzbekiston Milliy universiteti tadqiqotchisi Nodira Shotursunovaning taʼkidlashicha, soʻnggi besh yilda mamlakatimizda usta hunarmandlar soni yetti, shogirdlar soni esa toʻqqiz baravarga koʻpaygan. Binobarin, xalq amaliy sanʼatining gender masalasini, bandlik muammosini hal etishdagi oʻrni juda katta.

Festivalda Markaziy Osiyo dekorativ-amaliy sanʼati mustaqil tadqiqotchisi, “Dunyo muzeylarida Oʻzbekistonning madaniy merosi” loyihasi tarjimoni Adam Albion (AQSH), dizayner Asif Shayx (Hindiston), «Xavar» (Misr) siyosiy va axborot tadqiqotlari markazi direktori Muhammad Tahir Xasan, Malayziya amaliy sanʼatni rivojlantirish korporatsiyasi bosh direktori Andida Ibrohim va boshqalar hunarmandchilik tarixi, asriy anʼanalar, xalq amaliy sanʼatini umumjahon merosi sifatida asrab-avaylash kabi qator mavzularda maʼruzalar qildi. Pirovardida sohadagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.

“Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi berildi

Bundan bir necha oy muqaddam Buxoro shahriga Butunjahon hunarmandlar Kengashi prezidenti Saad-al Kaddumi boshchiligidagi xalqaro oʻrganish hayʼati aʼzolari tashrif buyurib, bu koʻhna zaminda umrguzaronlik qilayotgan xalq amaliy sanʼati ustalari faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.

Oʻshanda Saad-al Kaddumi jurnalistlar bilan muloqotda “Hozir dunyoning 30 ta shahri «Butunjahon hunarmandlar shahri” roʻyxatiga kiritilgan. Bu roʻyxat Buxoro shahri hisobiga kengayadi, degan umiddaman. Negaki, shahringiz bu maqomga munosib», deya taʼkidlagan edi.

Buxoroga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomini berish yuzasidan oʻrganish ishlari xayrli nihoya topdi. Koʻhna kentda davom etayotgan xalqaro zardoʻzlik, zargarlik va kashtachilik festivalida Buxoroga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi berildi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumani chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev maʼlum qildi.

Markaziy Osiyoda yagona

Buxoroda boʻlib oʻtayotgan xalqaro zardoʻzlik, zargarlik va kashtadoʻzlik festivali dasturi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda. Festival doirasida shaharda zardoʻzlik markazi va galereyasi muzeyini oʻzida mujassam etgan majmua ochildi. Markaziy Osiyoda yagona sanalgan bu oʻziga xos zardoʻzlik majmuasi tantanali ochilish marosimida xalqaro festival ishtirokchilari boʻlgan Turkiya, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston singari qator davlatlar vakillari ishtirok etdi.

— Xalqaro festivalga tayyorgarlik koʻrarkanman, beixtiyor yoshligim, hali qizaloqlik davridayoq korchoʻp oldida turib, qoʻlimga nina tutgan damlarim keldi, — deydi loyiha tashabbuskori, zardoʻzlarning beshinchi avlodi sanalgan Mahfuza Salimova. — Hozir oʻnlab shogirdlarim bor. Ular yaratayotgan xalq amaliy sanʼati namunalarini kuzatib, munosib izdoshlarim borligidan suyunaman. Hayotda nimalarga erishgan boʻlsam, hammasini xalq amaliy sanʼati sharofatidan deb bilaman. 2013-yilda “Tashabbus” koʻrik-tanlovi gʻolibi boʻldim. “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. 2017-yilda “Malika Sulton” oilaviy korxonasi tashkil qildik. Endi esa yana bir orzumiz roʻyobga chiqdi. Zardoʻzlik markazi va muzeyidan iborat majmua barpo etdik.

Uch qavatli mazkur inshootning loyiha qiymati 5 milliard soʻm boʻlib, shuning 1,2 milliard soʻmi bank kreditidir. Bu yerda 40 nafar usta va 60 nafar shogirdning mehnat qilishi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Galereyada zardoʻzlik namunalari jamlangan. Oilaviy korxona mahsulotlari AQSH, Qozogʻiston va Tojikistonga eksport qilinmoqda. Birgina oʻtgan yilda korxona mahsulotlarni namoyish etish va sotish orqali 150 ming AQSH dollari miqdorida daromad koʻrdi.

— Hunardan baxt, obroʻ-eʼtibor topgan inson boʻlsa menchalik boʻlarda, — davom etadi Mahfuza opa. — Shuni oʻylab oʻz oldimga yana oʻnlab qizlarga zardoʻzlik sirlarini oʻrgataman, izdoshlarim safini kengaytiraman, milliy hunarmandchiligimiz shuhratiga shuhrat qoʻshaman, degan maqsadni qoʻydim.

* * *

Rang-barang dasturlardan iborat xalqaro festivalning har bir kuni ana shunday quvonchli lahzalar, yodda qoladigan uchrashuvlarga boy boʻlyapti. Yakunda esa ishtirokchilarni yanada hayajonli damlar kutmoqda. Anjuman oxirida eng yaxshi deb topilgan xalq amaliy sanʼati ustalari 12 ta nominatsiya boʻyicha taqdirlanadi. Mukofot jamgʻarmasi 45 ming AQSH dollari miqdorida belgilangan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Doʻstlaringiz bilan ulashing

11 Apr 14:01
 
26
0
xs.uz

Yer olgan yoshlarga 100 mln soʻmgacha kredit ajratiladi

Prezident qarorida nazarda tutilgan shartlarda va mablagʻlar doirasida talabgorlarga tijorat banklari tomonidan 7-yilgacha muddatga 100 mln soʻmgacha kredit ajratish;Bunda, qaror doirasida barcha turdagi kreditlarni 'mahalla yettiligi'ning kafilligi asosida ajratishga ruxsat beriladi hamda ular kreditlarning natijadorligi uchun teng javobgar boʻladi.' talabgorlarga mini-texnika, urugʻ va koʻchat xaridiga 'Yoshlar daftari' jamgʻarmasidan 5 million soʻmdan subsidiya, Fermer, dehqon xoʻjali

11 Apr 13:59
 
32
0
qalampir.uz

Namanganda inson buyragini 4 ming dollarga sotishga uringan shaxs ushlandi (video)

Namangan viloyatida inson buyragini 4 ming AQSH dollariga pullamoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi. Aniqlanishicha, viloyatning Kosonsoy tumanida yashovchi shaxs Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yashovchi fuqaro bilan gaplashib, uning bir buyragini sotib berishga kelishgan. Kelishuvga ko‘ra, ular Tojikistonga borishi va jarrohlik amaliyoti o‘sha yerda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan. U buyrak evaziga 4 ming AQsh dollari berishini aytgan. Ushbu sha

07 Mar 20:11
 
28
0
qalampir.uz

Angrendagi maktablar telefondan voz kechishni boshladimi?

Joriy yilning fevral oyida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Chirchiq shahridagi maktab direktorlari bilan uchrashuvda o‘qituvchilari va o‘quvchilari telefondan voz kechgan maktabga 300 million so‘m pul mukofoti berishi haqida yozgan edik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ham belgilab qo‘yilgan hujjatga

11 Apr 20:33
 
45
0
qalampir.uz

Terrorchi guruhlarni moliyalashtirib kelayotgan o‘zbekistonlik qidiruvga berildi

Diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib, ularni moliyalashtirgani aniqlangan Dilshod Qodirov qidiruvga berildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. Qayd etilishicha, 1969 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Dilshod Hojimurodovich Qodirov 2006 yilda diniy ekstremistik oqimlar ta’sirida Birlashgan Arab Amirliklari orqali Suriyaga o‘tib, terrorchi guruhlar safiga qo‘shilgan. Qodirov Toshkentda yashagan vaqtida tadbirkorlik faoliyatini olib borgan. B