Buxoroda qurbaqa yomg‘iri, “poraxo‘rlik va besoqolbozlikda ayblangan” muxbirlar, AQShning kuchi SSSRniki bilan tengligini tan olgan Xrushchyov. O‘zbek matbuoti 22-mayda nimalar haqida yozgan?

Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir beqiyos ustozligicha qolaveradi.

O‘zbekiston va jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. O‘n yillar muqaddam aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, ushbu voqea-hodisalarga jamoatchilikning munosabati qanday edi — bari “Kun matbuoti tarixi” rukni materiallarida.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

Prezident Islom Karimov 20-may kuni AQShning SSSRdagi sobiq elchisi Avrell Garrimanning rafiqasi Pamela Garriman xonim boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan. Karimov “do‘stona suhbat chog‘ida... O‘zbekiston darvozalari do‘stlik va hamkorlik qilishni xohlayotgan xolis niyatli barcha mamlakatlar va kishilar uchun hamma vaqt ochiq ekanligini ta’kidlagan”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 22-may sonidan lavha. Surat muallifi: R.Nuritdinov / O‘zA

90 yil avval. 1932-yil 22-may, yakshanba

Ekin-tikin ishlari avjida, bu ishlarga suv kerak. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining bu safargi muqovasi sug‘orish ishlarining borishiga bag‘ishlangan. Masalan, “Marg‘ilon ariqlari darvozasiz. Sel xavfi bilan kurashda ‘o‘zibo‘larchilik’ kayfiyati yo‘qotilsin” materialining sarlavhasidanoq Marg‘ilondagi ahvol ayon. “‘Zelenskiy’ kanalining boshidagi Iso avliyo arig‘ini kengaytirish shart edi. Biroq bu ariqning boshidan oxirigacha qumlab yotadi. Bu ariqni tuzatish uchun harakat yo‘q. Iso avliyo arig‘ida suv toshqini xavfi kuchaymoqda”, — deyiladi materialda.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 22-may sonidan lavha

Rossiyadagi Novokuznetsk shahri nomi “Kuznetskstroy ishchilari, injener-texnik xodimlari, partiya va kasab tashkilotlarining iltimosi bilan” Stalinsk deb o‘zgartirilgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 22-may sonidan lavha

Toshkentlik Baqo Musayev ham ismini o‘zgartirishga qaror qilgan (Stalin deb emas, albatta). “Qizil O‘zbekiston”ning reklama, afisha va e’lonlar bo‘limida berilgan lavhada shunday deyiladi: “Toshkentlik o‘rtoq Baqo Musayev o‘zining Baqo ismini To‘lqin ismiga o‘zgartiradir. Bu to‘g‘rida qarshilik ko‘rsatgan o‘rtoqlar bo‘lsa, Toshkent shahar sho‘rosining tashkilot bo‘o‘limiga o‘zlarining turgan joylarini va nomlarini ko‘rsatib, ma’lum qilsinlar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 22-may sonidan lavha

Gazetaning so‘nggi sahifasida, an’anaga sodiq holda, “badriddinovchilar sudi”ning navbatdagi tafsilotlari. Suddan tayyorlangan bu safargi reportaj guvoh Toshpo‘latovning so‘zlari bayoniga bag‘ishlangan. Uning ta’kidlashicha, “Badriddinov, O‘roz ota va ularning bir taqim shaykalari... Marg‘ilon, Qo‘qon muxbirlarining oyoqlaridan olishga, partiya va soyuzdan chiqarishga, hatto qamoqxonalargacha eltib tiqishga muvaffaq bo‘la bildilar. Men ‘poraxo‘rlik’da ayblanib, ishdan olinib, jinoiy mas’uliyatga tortildim. Abdulla Ahmedovning gardaniga ‘besoqolbozlik’ shaltog‘i ag‘darilib, u 3 yil qamoqxonaga hukm qilindi. Mashrab Muhammadjonov, Mirzahotam Olimlar qamalib, xonavayron etildilar. Faol muxbir Hamro Alido‘smatov esa og‘ulanib o‘ldirildi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 22-may sonidan lavha

60 yil avval. 1962-yil 22-may, seshanba

“Qizil O‘zbekiston”ning bu kungi soni sahifalari asosan Nikita Xrushchyovning Bolgariyaga safari yakunlari, u yerdagi yakuniy nutqi hamda Sovet—Bolgariya qo‘shma bayonotiga ajratilgan. Nutq ham, qo‘shma bayonotning ham aksariyat qismi Amerikaning xatti-harakatlarini qoralashga bag‘ishlangan.

“AQSh prezidenti aqlga to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni aytdi. Axir, jilla bo‘lmasa, kuchi kuchingga teng keladigan kishiga dag‘dag‘a qilish aqlga sig‘adigan ishmi. Tugmachani bosish va ‘Sovet Ittifoqi bilan yadro konfliktida tashabbus’ ko‘rsatish o‘z-o‘zini o‘ldirish degan gap bo‘ladi-ku. Ana shunday harbiy konflikt chiqarishga jur’at qilgan kishi urushning barcha eng zamonaviy vositalari ishga solingani holda qaqshatqich javob zarbasi olgan bo‘lur edi. Sotsialistik lagerda, Sovet Ittifoqida esa bunday vositalar yetarli miqdorda bor”, — deb nutq o‘qigan Xrushchyov 250 ming bolgariyalik oldida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 22-may sonidan lavha

Sovet—Bolgariya qo‘shma bayonotida esa Germaniya Demokratik Respublikasi va G‘arbiy Berlin atrofidagi ahvolga munosabat bildirilgan. “Sovet Ittifoqi va Bolgariya Xalq Respublikasi... erkin shaharga eng mustahkam xalqaro garantiyalar berish tarafdoridirlar va shu maqsadda G‘arbiy Berlinda muayyan bir vaqt mobaynida betaraf davlatlar yoki BMT qo‘shinlarining kichik kontingentlari turishiga rozidirlar”, — deyiladi unda.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 22-may sonidan lavha

Gazetaning so‘nggi sahifasigina Bolgariyaga safar tafsilotlaridan omon qolgan. Chigit ekish kampaniyasidagi ayrim kamchiliklar haqida:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 22-may sonidan lavha

30 yil avval. 1992-yil 22-may, juma

Asosiy mavzu — o‘tgan hafta davomida yuz bergan kuchli yog‘ingarchilik va sel toshqinlarini, shuningdek, ular ortidan yuzaga kelgan mish-mishlarni bartaraf etish.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 22-may sonidan lavha

Masalan, Buxoroda aholi orasida “To‘dako‘l suvga liq to‘lganmish, bugun-erta toshib, Buxoro shahrini suv bosarmish”, degan mish-mish tarqalgan.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 22-may sonidan lavha

Undan ham qizig‘i, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida qurbaqa yog‘gan.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 22-may sonidan lavha

MDHning turli nuqtalarida vaziyat keskin. Rossiya parlamenti Qrimni 1954-yilda Ukrainaga berish to‘g‘risidagi hujjatning qonuniyligini ko‘rib chiqib, uni “adliyaviy kuchga ega emas” deb topgan. Bu holat, tabiiyki, Ukraina tomonining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Buyoqda Armaniston Naxichevanni o‘qqa tutmoqda. Eng ayanchli hodisa Sxinvalida yuz bergan — gruzin jangarilari asosan ayollar, bolalar va qariyalardan iborat avtobusni to‘xtatib, 36 kishini otib tashlagan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 22-may sonidan lavha

Tog‘li Qorabog‘ va Janubiy Osetiyadagi bu voqealarga o‘zbekistonliklar shifokorlar jim qarab tura olmagan:

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 22-may sonidan lavha

Afg‘oniston endi tinchidi, degan vaqtda yana otishmalar boshlanib ketgan edi. Endi yana qaytadan muzokaralar o‘tkazilmoqda, takroriy bitimlar imzolanmoqda:

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 22-may sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi