“Tunda ishlagan ishchilarga qo‘shimcha haq to‘langanmi?”. Mehnat vaziri Ortiqxo‘jayevning tungi qabullari haqidagi savolga javob berdi

“Daryo”da Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tungi qabullari va unda ishtirok etganlar e’tirozi, xususan, hokim o‘rinbosarlarining ishdan keyin oilasiga ajratishi mumkin bo‘lgan vaqti ham ish bilan o‘tib ketayotgani xabar berilgandi. “Daryo” bilan suhbatda bo‘lgan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov shahar hokimining xatti-harakatini izohlab, vaziyatga baho berdi.

“Mazkur maqoladan so‘ng Toshkent shahar hokimligi bilan bog‘lanib, vaziyatni o‘rgandik. Qabulda ishtirok etgan mas’ullar bilan suhbatlashdik. Ularning aytishicha, tungi qabulda ishtirok etgani uchun ish beruvchi tomonidan qo‘shimcha haq to‘lash masalasida kelishuvga erishilgan”, — dedi vazir Nozim Husanov.

Nozim Husanov.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Vazir “Daryo” muxbirining Toshkent shahar hokimligi tanqiddan so‘ng, tungi paytda ishlayotgan xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lash masalasini o‘rtaga tashlaganmi, degan savoliga “ha” deya javob berdi.

“Tanqid qilinganidan so‘ng Toshkent shahar hokimligi bilan bog‘lanib, vaziyatni obdan o‘rgandik. Bu jarayon tashkil etilishiga asosiy sabab nima, degan savolni o‘rtaga tashladik. Shaxsan o‘zimiz ham chekka hududlarda bo‘lib, aholi qabullarida ishtirok etganimizda ko‘pchilik ishdan tashqari paytda qabulga kelishini, kunduzi ishda bo‘lishini aytib, ishdan keyingi qabul unga qulay ekanini bildirgan. Bu Toshkent shahar hokimligida ishlagan paytimda ham, Sergeli tumani hokimligida ish yuritgan kezlarimda ham shaxsiy tajribamda kuzatilgan. Shuning uchun OAV vakillari va blogerlardan bu vaziyatni to‘g‘ri tushunishlari kerakligini so‘ragan bo‘lar edik”, — dedi vazir Nozim Husanov savolga javob berar ekan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Vazir OAV vakillariga murojaat qilib, har bir murojaat ortida inson taqdiri yotishini inobatga olishlari kerakligini, mashaqqatli mehnat sabab fuqarolar muammosiga yechim topilayotganini ta’kidlamoqda.

“Xalqimizda shunaqa odat borki, qachonki biror-bir muammoga duch kelsagina hokimlar, vazirlar qabuliga keladi. Avvalo qarindoshlariga murojaat qilib yordam so‘raydi. Juda imkoni bo‘lmasagina, mas’ullarga murojaat qiladi. OAV vakillaridan har bir murojaat ortida inson taqdiri yotishini hisobga olib, bu jarayonni to‘g‘ri baholashni so‘rab qolardik”, — deydi vazir.

Eslatib o‘tamiz, “Daryo”da e’lon qilingan dastlabki maqolada Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati hokimlik tungi qabullarda ishtirok etayotgan xodimlariga ishdan tashqari va tungi ishlarga jalb qilingani uchun ularga qo‘shimcha haq to‘lash masalasida o‘ylab ko‘rilmaganini, bu amaliyotga duch kelinmaganini bildirgandi.