Sirdaryo daryosidagi orolchada mashinasi bilan qolib ketgan fuqaro qutqarildi

Toshkent viloyatida daryo o‘rtasida mashinasi bilan qolib ketgan fuqaro qutqarildi, deya xabar qilmoqda FVV.

Foto: FVV

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Tezkor boshqaruv markaziga Sirdaryo daryosidagi orolchada avtomashinasi bilan qolib ketgan fuqarodan xabar kelib tushgan.

Aniqlanishicha, bir fuqaro o‘z avtomobilida hordiq chiqarish maqsadida Sirdaryo daryosiga borib, daryo sathi past bo‘lganligi sababli mashinasida orolchaga o‘tgan. Oradan bir oz vaqt o‘tib, suv sathi to‘satdan ko‘tarilib ketganligi bois daryodan chiqa olmay qolgan.

Voqea joyiga jalb qilingan Chinoz tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi qutqaruvchilari tomonidan maxsus texnika yordamida avtomashina xavfsiz joyga olib chiqildi.