Buxoroda xalqaro festival boʻlib oʻtmoqda

Foto: Халқ сўзи

Buxoro shahrida Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali boʻlib oʻtmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yilning 29-aprelidagi qaroriga muvofiq oʻtkazilayotgan bu nufuzli anjuman qatnashchilarning Ark qoʻrgʻonidan Nodir Devonbegi madrasasigacha boʻlgan 1,2 kilometr masofada tantanali yurishlari bilan boshlandi.

Xalq amaliy sanʼatining shu ikki yoʻnalishidagi eng yaxshi anʼanalarni rivojlantirish, zardoʻzlik va zargarlikning noyob namunalarini keng targʻib qilish, oʻzaro tajriba almashish, hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash, hududning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish kabi ezgu maqsadlar koʻzda tutilgan mazkur tadbir nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham katta qiziqish uygʻotdi. Festival tadbirlarida qatnashgani dunyoning oʻndan ziyod davlatidan soha mutaxassislari, ekspertlar, hunarmandlar, sayyohlarning tashrif buyurgani buning tasdigʻidir.

— Shu xalqaro festivalni tomosha qilgani atayin Buxoroga keldik, — deydi indoneziyalik sayyoh Vebi Jurmavati. — Yurtingizda ilk bor boʻlishim.Islom olamida benazir zot sanalgan Imom al-Buxoriy tavallud topgan Buxoroda boʻlish koʻp yillik orzuyim edi. Niyatimga yetganimdan xursandman. Bu yerdagi bayramona ruh, odamlar chehrasidagi tabassum, xalqingiz mehmondoʻstligi meni Buxoroga ipsiz bogʻlab qoʻydi. Xalq amaliy sanʼati ustalariga tasanno aytaman. Bu yerda oʻtkazayotgan kunlarimning har bir lahzasi men uchun esda qolarli kechmoqda.

Aytish joizki, xalqaro festivalga katta hozirlik koʻrildi.Tadbir dasturidan hunarmandlar koʻrgazma- savdosini uyushtirish, xalqaro konferensiya oʻtkazish, kashtadoʻzlik bilan bogʻliq milliy koʻrgazma, modalar namoyishi, xalq amaliy sanʼati ustalarining mahorat saboqlari oʻrin olgan. Shuningdek, turli viloyatlardan kelgan folklor jamoalari, qoʻgʻirchoqbozlar, dorbozlar tomonidan konsert dasturlari namoyish etilyapti.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.