Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etiladi

Vazirlar Mahkamasi 18-yanvarda “Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida ‘yashil qoplamalar’ — himoya o‘rmonzorlarini barpo etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, hujjat O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan. Mazkur qaror bilan quyidagilar tasdiqlangan:

  • 2022—2026-yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” — himoya o‘rmonzorlarini barpo etish hajmlari;
  • 2022—2026-yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish uchun cho‘l o‘simliklari urug‘larini tayyorlash hajmlari.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari hokimliklariga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda DSQ huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida o‘rmonzorlar barpo etiladigan maydonlarni xatlovdan o‘tkazish topshirilgan. Bunda har yili 10-dekabrga qadar “yashil qoplamalar” barpo etiladigan maydonlar ilmiy jihatdan asoslangan takliflarga muvofiq hududlar bo‘yicha aniqlanadi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ularning o‘z muddatida barpo etilishi bo‘yicha doimiy monitoring yuritadi. Orol dengizining qurigan tubidagi tuproq tarkibini inobatga olib cho‘l va sho‘r tuproqqa moslashgan o‘simlik turlari, shu jumladan, qumli yerlarda cherkez hamda sho‘r hududlarda tamariks va atripleks (lebeda) o‘simliklari ekiladi. Qarorga binoan, quyidagilar “yashil qoplamalar” barpo etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilangan:

  • yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Ushbu qaror 2022-yilning 19-yanvaridan kuchga kirdi.